Qadoqlangan suv yetkazib berish SHARTNOMASI (oferta)
Buxoro viloyati, Kogon tumani
2026-yil 1-may tahririda
I. TA’RIFLAR
1.1. «Buyurtma» – Xaridorning Tovarni xarid qilish va arizada ko‘rsatilgan manzilga yetkazib berish, vaqtincha foydalanishga berilgan uskunani (kulerni) ta’mirlash va profilaktik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha rasmiylashtirilgan arizasi bo‘lib, u Internet tarmog‘i orqali Sotuvchining www.tozasuv.uz internet-saytida (keyingi o‘rinlarda – internet-sayt) buyurtma berish shakli orqali yuboriladi va/yoki Xaridor tomonidan Sotuvchiga kompaniyaning call-markazi orqali quyidagi telefon raqami: (+99865) 225-88-88; 220-88-88 bo‘yicha ma’lum qilinadi.
1.2. «Tovar» – kompaniyaning internet-saytida, «Telegram» botida, shuningdek shartnomaga ilova qilingan mobil ilovada sotuvga qo‘yilgan oldi-sotdi ob’ektlari, shu jumladan:
hajmi 19,0 litr bo‘lgan qaytariladigan polikarbonat idishlarga quyilgan ichimlik suvi (keyingi o‘rinlarda – «suv»);
hajmi 18,9 litr bo‘lgan qaytariladigan PET idishlarga quyilgan ichimlik suvi (keyingi o‘rinlarda – «suv»);
mexanik va elektr pompalar (keyingi o‘rinlarda – «pompalar»).
1.3. «Idish» – hajmi 19,0 litrli qaytariladigan polikarbonat idish, hajmi 18,9 litrli qaytariladigan PET idish (keyingi o‘rinlarda – «idish»).
1.4. «Xaridor» – Tovarni xarid qilish niyatida bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxs.
1.5. «Sotuvchi» – internet-sayt, call-markaz va mobil ilovadan foydalangan holda masofaviy usulda sotuvni amalga oshiruvchi «TOZA SUV PLUS» MChJ.
1.6. «Aksept» – Xaridor tomonidan Shartnoma shartlarining to‘liq va shartsiz qabul qilinishi.
1.7. «Uskuna» – suvni isitish, sovutish uchun mo‘ljallangan suv dispenseri (kuler), turli pompalar.
1.8. «Internet-sayt» – kompaniyaning www.tozasuv.uz manzilida joylashgan rasmiy internet-sayti.
1.9. «Call-markaz» – Xaridor va Sotuvchi o‘rtasidagi (+99865) 225-88-88; 220-88-88 ko‘p kanalli telefon raqami bo‘yicha rasmiy telefon aloqa kanali.
1.10. Mobil ilova – «Play Market Android va iOS»da taqdim etilgan.
2. SHARTNOMA PREDMETI
2.1. Mazkur Shartnoma-oferta asosida Sotuvchi Tovarni yetkazib berish, Xaridor esa shartnomada ko‘rsatilgan tartibda hamda kompaniya saytida ko‘rsatilgan narxlarda Tovarni qabul qilish va to‘lash majburiyatini oladi.
2.2. Sotuvchi shuningdek Xaridorning buyurtmasiga binoan quyidagilar bo‘yicha ishlarni bajarish/xizmatlar ko‘rsatish majburiyatini oladi:
kompaniya kulerlarga profilaktik xizmat ko‘rsatish;
kompaniya kulerlarni ta’mirlash;
kulerlarni vaqtincha foydalanishga taqdim etish.
Ko‘rsatiladigan xizmatlar/bajariladigan ishlar ro‘yxati Xaridorning Buyurtmasi bilan belgilanadi va tegishli dalolatnomalarda ko‘rsatiladi.
2.3. Shartnoma-oferta Sotuvchining Tovarni xarid qilish to‘g‘risidagi shartnoma tuzishga qaratilgan rasmiy taklifi (ofertasi) bo‘lib, Tovarni xarid qilish to‘g‘risidagi shartnomaning barcha muhim shartlarini o‘z ichiga oladi.
2.4. Shartnoma-ofertaning aksepti «Shartnoma-oferta» va uning Ilovalarida ko‘rsatilgan tartib, miqdor, qiymat va muddatlardagi Buyurtma hisoblanadi.
2.5. Shartnoma-ofertaning 2.4-bandida belgilangan tartibda Shartnoma-ofertani aksept qilar ekan, Xaridor Shartnoma-oferta matnida bayon etilgan ko‘rinishda, shu jumladan Shartnoma-ofertaning ajralmas qismi bo‘lgan Shartnoma-ofertaga ilovalardagi barcha Shartnoma shartlari bilan tanishganini, ularga roziligini, ularni to‘liq va shartsiz qabul qilishini kafolatlaydi.
2.6. Xaridor Shartnoma-ofertaning 2.4-bandida ko‘rsatilgan tartibda aksept qilinishi Shartnoma-ofertada bayon etilgan shartlarda Shartnoma tuzilishiga o‘z roziligini bildirilishini tushunadi.
2.7. Shartnoma-ofertani aksept qilish bo‘yicha harakatlarni amalga oshirar ekan, Xaridor Sotuvchi bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishishga qonuniy huquqqa ega ekanini kafolatlaydi.
2.8. Shartnoma-oferta Sotuvchining internet-saytida va mobil ilovasida joylashtiriladi.
2.9. Sotuvchi istalgan vaqtda Shartnoma-oferta shartlariga o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ega. Shartnoma-oferta shartlariga kiritilgan o‘zgartirishlar ular kompaniyaning internet-saytida e’lon qilingan paytdan boshlab 3 kalendar kun o‘tgach kuchga kiradi. Shartnoma-oferta qaytarib olinishi mumkin emas.
2.10. Shartnoma-oferta to‘liq yuridik kuchini saqlab qolgan holda, Xaridor va Sotuvchi (keyingi o‘rinlarda – Tomonlar) tomonidan muhrlar bilan tasdiqlanishini va/yoki imzolanishini talab qilmaydi.
3. BUYURTMANI RASMIYLASHTIRISH TARTIBI
3.1. Xaridorning Buyurtmasi call-markaz orqali, kompaniyaning internet-saytida yoki mobil ilovada rasmiylashtirilishi mumkin.
3.1.1. Buyurtmani call-markaz orqali rasmiylashtirishda Sotuvchi Xaridorga yetkazib berishning asosiy shartlarini yetkazadi (to‘liq shartlar bilan Xaridor internet-saytning «Buyurtmani rasmiylashtirish qoidalari va yetkazib berish shartlari» bo‘limida yoki mobil ilovada tanishishi mumkin).
Yetkazib berish shartlariga rozi bo‘lgan taqdirda, Xaridor o‘zi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etadi:
Jismoniy shaxs: F.I.Sh., telefon raqami, tug‘ilgan sana, jinsi, yetkazib berish manzili, shuningdek Tovarlar ro‘yxati va miqdori.
Yuridik shaxslar: STIR va yuridik shaxs nomi, telefon raqami, yetkazib berish manzili, shuningdek Tovarlar ro‘yxati va miqdori.
Sotuvchi yuqorida ko‘rsatilgan ma’lumotlarni o‘zida qayd etib, qulay yetkazib berish vaqt oralig‘ini Xaridor bilan kelishib oladi.
Xaridor yetkazib berish sanasi va vaqt oralig‘iga roziligini tasdiqlaganidan so‘ng, buyurtma muvaffaqiyatli rasmiylashtirilgan va tasdiqlangan hisoblanadi.
3.1.2. Buyurtmani internet-sayt yoki mobil ilova orqali rasmiylashtirishda Xaridor 3.1.1-bandda ko‘rsatilgan o‘zi haqidagi ma’lumotlarni buyurtmada mustaqil ravishda to‘ldiradi va Sotuvchiga yuboradi. Buyurtmaning yuborilganligini tasdiqlash uchun Xaridorga ro‘yxatdan o‘tishda ko‘rsatilgan telefon raqamiga elektron bildirishnoma keladi.
Sotuvchi buyurtmani tasdiqlash hamda Tovarni yetkazib berish sanasi va vaqt oralig‘ini kelishib olish uchun Xaridor bilan bog‘lanadi. Sotuvchining xohishiga ko‘ra buyurtma tasdiqlanmasdan yetkazib berilishi mumkin.
3.2. Buyurtmani rasmiylashtirish jarayonidagi barcha telefon suhbatlari yozib olinadi, shuningdek barcha yozishmalar ham qayd etiladi.
3.3. Buyurtmani rasmiylashtirish uchun o‘z ma’lumotlarini taqdim etish bilan Xaridor Sotuvchining shaxsiy ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha siyosatiga o‘z roziligini tasdiqlaydi, Sotuvchi esa ularni oshkor qilmasligini kafolatlaydi.
4. ICHIMLIK SUVINI YETKAZIB BERISH SHARTLARI VA TARTIBI
4.1. Suvni yetkazib berish Sotuvchi tomonidan markazlashgan tarzda, bevosita Xaridorning yetkazib berish manziligacha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish tizimi mavjud bo‘lgan joyda amalga oshiriladi. Bunda Tovarni tushirish Xaridor tomonidan amalga oshiriladi, shuningdek Xaridor Tovarni Sotuvchining omboridan bevosita o‘zi olib ketish huquqiga ega.
Favqulodda, fors-major holatlar tufayli to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish imkoniyatlari cheklangan hollarda, Tovar boshqa joyga yetkazilishi yoki Xaridor tomonidan ombordan olinishi mumkin. Suvni yetkazib berish bayram kunlaridan tashqari amalga oshiriladi va to‘lov kunidan boshlab 5 kundan oshmasligi kerak.
4.2. Bepul yetkazib berish uchun minimal buyurtma: 2 ta idishdan kam bo‘lmagan miqdor.
4.3. Yetkazib berish to‘langan summaga mos ravishda to‘liq yoki bo‘lib-bo‘lib amalga oshirilishi mumkin.
4.4. Kulerlar bepul foydalanishga faqat suv bilan birga taqdim etiladi.
4.5. Tovar qabul qilishda miqdor, tashqi ko‘rinish va qadoq butunligi tekshiriladi.
Sifatsiz tovar bo‘lsa, Sotuvchi uni almashtirib beradi.
4.6. Tovar sertifikatlangan va SanQvaN talablariga javob beradi.
4.7. Suv Sotuvchi tomonidan qaytariladigan Idishda yetkazib beriladi. Suv narxiga Idish qiymati kiritilmagan.
4.8. Suvni jo‘natishda Xaridor Sotuvchiga qaytariladigan o‘zining bo‘sh Idishini taqdim etishi shart. Xaridor tomonidan almashtirish uchun taqdim etiladigan idish miqdori Sotuvchi tomonidan jo‘natiladigan suvli Idish miqdoriga teng bo‘lishi lozim.
4.9. Agar Xaridorda almashtirish uchun idish bo‘lmasa, u Sotuvchidan kerakli miqdordagi Idishni sotib oladi.
4.10. Xaridor buyurtmada Idishni sotib olish zarurligini ko‘rsatadi. Bu holda Idish Tovarni jo‘natish paytida Xaridorga topshiriladigan hujjatlarida Tovar bilan birgalikda ko‘rsatiladi.
4.11. Xaridor tomonidan almashtirish uchun taqdim etiladigan Idish keyingi foydalanishga yaroqli, toza va shikastlanmagan bo‘lishi lozim. Sotuvchi ifloslanish, shikastlanish belgilari bo‘lgan, boshqa kompaniyalarning firma ramzlari tushirilgan va/yoki boshqa materiallardan tayyorlangan idishni qabul qilmaslik huquqiga ega.
4.12. Idish sifati Xaridor tomonidan suvni olish paytida tekshiriladi. Xaridorga shikastlangan idishda yetkazib berilgan suv qabul qilinmaydi va almashtirish uchun Sotuvchiga qaytariladi. Agar tovar qabul qilingan, tovarni qabul qilish paytida e’tirozlar bo‘lmagan bo‘lsa, tegishli sifatdagi tovar tegishli sifatdagi idishda yetkazib berilgan deb hisoblanadi. Xaridor suvni qabul qilib olgandan so‘ng, Sotuvchi idish (tara) sifati uchun, shuningdek idishning shikastlanishi natijasida Xaridorning yoki uchinchi shaxslarning mulkiga yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘lmaydi. Idishning butunligiga doir e’tirozlar yetkazib berish kunidan keyin bildirilgan taqdirda, Xaridor Tovardagi nuqson Tovar unga topshirilishidan oldin yoki shu vaqtga qadar yuzaga kelgan sabablar natijasida paydo bo‘lganligini isbotlashi shart.
4.13. Agar Xaridor buyurtmani kelishilgan vaqtda qabul qila olmasa, haydovchi sizni 15 daqiqadan ortiq kutmaydi. Qo‘shimcha kutish faqat shofyor-ekspeditorlarimizning harakat jadvalida bo‘sh vaqt mavjud bo‘lgan taqdirdagina mumkin.
4.14. Lift buzilganda Tovarni yetkazib berish beshinchi qavatgacha amalga oshiriladi. Zarurat tug‘ilganda ko‘tarish tomonlar kelishuviga ko‘ra alohida to‘lanadi.
4.15. Buyurtmani yetkazib berish vaqt oralig‘i Sotuvchi tomonidan quyidagi sabablarga ko‘ra o‘zgartirilishi mumkin: noqulay yo‘l sharoiti, avtotransport vositasining kutilmaganda buzilishi, Sotuvchi bevosita ta’sir ko‘rsata olmaydigan boshqa holatlar. Bu holda Sotuvchi imkon qadar Xaridorni yetkazib berishning kechikishi haqida ogohlantiradi va Buyurtmani Xaridorga yetkazib berish uchun barcha imkoniyatlardagi choralarni ko‘radi. Bu holatda Sotuvchining qaroriga ko‘ra yetkazilgan noqulaylik individual tartibda qoplanishi mumkin.
5. ICHIMLIK SUVI SIFATI KAFOLATI
5.1. Sotuvchi barcha ichimlik suvi bevosita ishlab chiqaruvchi zavoddan yetkazib berilishini, normativ hujjatlarga mos kelishini, xavfsizligini va laboratoriya tadqiqotlari bayonnomalari bilan tasdiqlangan muayyan xususiyatlarga ega ekanligini kafolatlaydi.
5.2. Suv sifatini saqlash maqsadida Xaridor suvni saqlash shartlariga hamda suv uchun uskuna va aksessuarlardan foydalanish shartlariga rioya qilishi shart, xususan:
suvni Selsiy bo‘yicha +5 dan +20 darajagacha bo‘lgan haroratda saqlash lozim;
saqlash joyi to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nuri va isitish asboblari ta’siridan himoyalangan bo‘lishi lozim;
idishga begona buyumlar va moddalarning tushishi imkoniyati istisno qilinishi lozim;
havo namligi 75% dan oshmasligi lozim;
suv uchun uskuna va kulerlar muntazam ravishda sanitariya ishlovidan o‘tkazilishi lozim.
Xaridor tomonidan suvni saqlash shartlari buzilganda, shuningdek kulerlarning rejali profilaktik xizmatidan voz kechilgan taqdirda, suv sifati bo‘yicha da’volar qabul qilinmaydi.
6. USKUNA VA IDISHNI YETKAZIB BERISH SHARTLARI VA TARTIBI
6.1. Sotuvchi Xaridorning Buyurtmasi asosida Uskunani (kulerni) mazkur shartnoma-oferta doirasida vaqtincha egalik qilish va foydalanishga taqdim etishi mumkin. Uskunaning (kuler) nomi va uning xususiyatlari Uskunani foydalanishga qabul qilish-topshirish dalolatnomasida ko‘rsatiladi. Uskunani qabul qilish Xaridor ko‘rsatgan manzil bo‘yicha Uskunani qabul qilish-topshirish dalolatnomasiga muvofiq amalga oshiriladi.
6.2. Xaridor vaqtincha foydalanishga olingan Uskunani (kulerni) uchinchi shaxslarga berilishi taqiqlanadi. Xaridor topshiriladigan Uskuna (kuler) Uskunani (kulerni) qabul qilish-topshirish dalolatnomasida ko‘rsatilgan manzilda bo‘lishini kafolatlaydi. Manzil o‘zgargan taqdirda Xaridor bu haqda Sotuvchini manzil o‘zgarishidan kamida 10 kun oldin xabardor qilishi shart.
6.3. Sotuvchi topshiriladigan Uskuna to‘liq soz holatda ekanligini kafolatlaydi. Sotuvchi Xaridorni Uskunadan foydalanish qoidalari bilan tanishtirishi shart, bu haqda Uskunani qabul qilish-topshirish dalolatnomasida belgi qo‘yilishi lozim. Topshirilgan Uskunaning nuqsonlari aniqlangan taqdirda Tomonlar aniqlangan nuqsonlar tavsifi Uskunani qabul qilish-topshirish dalolatnomasida qayd etilib, tomonlarning imzolari bilan tasdiqlanishi lozim. Aks holda uskuna ishlatish uchun yaroqli holatda topshirilgan deb hisoblanadi.
6.4. Sotuvchi tomonidan Xaridorga foydalanishga topshirilgan Uskuna (kuler) shikastlangan yoki yo‘qolgan taqdirda, Xaridor Sotuvchiga ta’mirlash ishlari qiymatini yoki Uskunani qabul qilish-topshirish dalolatnomasida ko‘rsatilgan baholangan qiymatini qoplash majburiyatini oladi.
6.5. Kulerlar Xaridorga vaqtincha foydalanishga faqat mazkur shartnomaga muvofiq suv uchun oldindan to‘lov amalga oshirilganidan so‘ng taqdim etiladi, bunda barcha kulerlar SOTUVCHINING MOL-MULKI bo‘lib qoladi.
6.6. Aylanmadagi, qaytariladigan idish Xaridorga qabul qilish-topshirish dalolatnomasida ko‘rsatilgan asos va shartlarda topshiriladi.
6.7. Mazkur shartnoma muddati tugaganidan so‘ng Xaridor kulerlar va idishni toza hamda keyingi foydalanishga yaroqli holatda qaytarishi shart, aks holda ularning qiymatini to‘lashi shart.
6.8. Agar Xaridor ikki oydan ortiq muddatda Sotuvchi oldida qarzdor bo‘lib qolsa, Sotuvchi mazkur shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilish va Xaridorga vaqtincha foydalanishga topshirilgan kulerlar va aylanmadagi idishni olib qo‘yish huquqiga ega.
6.9. Sotuvchi Xaridor shartnomada nazarda tutilgan shartlarni buzgan taqdirda vaqtincha foydalanishga topshirilgan Uskunani Xaridorning egaligi va foydalanishidan olib qo‘yish huquqiga ega.
7. USKUNANI TA’MIRLASH VA PROFILAKTIK XIZMAT KO‘RSATISH
7.1. Xaridorning Buyurtmasiga ko‘ra Sotuvchi kompaniya tomonidan berilgan Uskunani (kulerni) ta’mirlash va profilaktik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xizmatlarni amalga oshiradi. Bajariladigan ishlar hajmi, ijro muddati va ularni ko‘rsatish shartlari individual tarzda kelishiladi.
7.2. Uskunani ta’mirlashga yoki profilaktik xizmatga qabul qilish tegishli dalolatnoma rasmiylashtirish orqali, Xaridor ko‘rsatgan manzil bo‘yicha yoki kompaniya binosida amalga oshiriladi.
7.3. Uskunani ta’mirlash va/yoki profilaktik xizmat ko‘rsatish vaqtida, kelishuvga ko‘ra, Sotuvchi Xaridorga vaqtincha foydalanishga o‘rnini bosuvchi Uskunani berishi mumkin.
7.4. Xaridor vaqtincha foydalanishga olgan Uskunani qaytarishdan asossiz ravishda bosh tortgan taqdirda, Sotuvchi Xaridorga Uskunadan foydalanish uchun to‘lov (ijara haqi) va/yoki qabul qilish-topshirish dalolatnomasida ko‘rsatilgan uskunaning to‘liq qiymatini to‘lash talabini qo‘yish huquqiga ega.
8. HISOB-KITOB SHARTLARI VA TARTIBI
8.1. Barcha to‘lovlar so‘mda amalga oshiriladi.
8.2. Dolzarb narxlar internet-saytning katalogida ko‘rsatilgan.
8.3. Sotuvchi o‘z xizmatlari va tovarlariga narxlarni o‘zgartirish, shuningdek individual tartibda chegirmalar qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
8.4. Narxning o‘zgarishi to‘g‘risidagi ma’lumot internet-saytda erkin foydalanishda bo‘ladi.
8.5. Tovar to‘lovi Xaridor tomonidan quyidagicha amalga oshirilishi mumkin:
8.5.1. Tovarni yetkazib berish paytida naqd yoki naqd pulsiz shaklda (Sotuvchining to‘lov terminali orqali, Payme, Click ilovalari yoki mobil ilova, shuningdek boshqa onlayn-bankinglar yordamida);
8.5.2. Payme, Click ilovalari yoki mobil ilova va boshqa onlayn-bankinglar yordamida oldindan to‘lov tartibida, shuningdek tuzilgan shartnoma asosida naqd pulsiz o‘tkazma yo‘li bilan.
8.6. Xaridor tomonidan e’lon qilingan Tovar partiyasi qiymatining 100% oldindan to‘lovi buyurtmani kelishish paytida amaldagi narxlar bo‘yicha Sotuvchining hisob raqamiga amalga oshirilganda Tovar Xaridorga jo‘natiladi/yetkazib beriladi.
8.7. Sotuvchi bilan kelishilgan holda doimiy yirik mijozlar tomonidan to‘lov bo‘lib-bo‘lib, qismlar bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin. Bunda mazkur shartnoma bo‘yicha dastlabki to‘lov umumiy summaning kamida 15% bo‘lishi lozim. Bunda tomonlar olingan Tovar hisobini yuritadilar. Xaridor haqiqatda olingan tovarni hisob-faktura olganidan so‘ng 30 kun ichida to‘lashi shart.
9. TOMONLARNING MAJBURIYATLARI
9.1. Sotuvchi quyidagilarga majbur:
9.1.1. Xaridordan buyurtmalarni har kuni soat 8:00 dan 20:00 gacha call-markaz orqali (+99865) 225-88-88; 220-88-88 telefoni bo‘yicha hamda internet-saytdagi va kompaniyaning mobil ilovasidagi buyurtma shakli orqali sutka davomida qabul qilish.
9.1.2. Xaridor bilan idishlar miqdorini va Tovarni yetkazib berishning qulay vaqtini kelishish va bu ma’lumotni buyurtmada aks ettirish.
9.1.3. Idishni shikastsiz, toza holatda qabul qilish.
9.1.4. Tovarni buyurtmaga muvofiq Xaridorga yetkazib berish.
9.1.5. Xaridorni Tovar narxlari va mazkur Shartnoma-oferta shartlarining o‘zgarishi haqida oldindan xabardor qilish.
9.1.6. Qaytariladigan idishni qabul qilish va uni to‘la idishlarga almashtirish, bunda faqat suv uchun yetkazib berish qiymatini hisobga olgan holda to‘lov undirish.
9.1.7. Xaridor haqidagi barcha shaxsiy ma’lumotlar va boshqa maxfiy ma’lumotlardan faqat xizmatlar ko‘rsatish uchun foydalanish, o‘zida mavjud Xaridor haqidagi ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga bermaslik va ko‘rsatmaslik.
9.1.8. Shartnoma tugaganda, keyingi foydalanishga yaroqli idish qaytarilganda, Xaridor tomonidan to‘langan aylanmadagi qaytariladigan idish qiymati Xaridorga qaytariladi.
9.2. Xaridor quyidagilarga majbur:
9.2.1. Almashtiriladigan idishga ega bo‘lish yoki Sotuvchidan idishlar sotib olish, bunda hisob-kitoblar faqat suv uchun yetkazib berish qiymatini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
9.2.2. Sotuvchiga buyurtmani o‘z vaqtida berish, almashtirish uchun idishni tayyorlash. Sotuvchi bilan kelishilgan yetkazib berishdan voz kechish haqida Sotuvchini xizmatlar ko‘rsatishning kelishilgan vaqtidan kamida 3 soat oldin xabardor qilish.
9.2.3. Yetkazib beriladigan Tovar bilan to‘siqsiz o‘tishni ta’minlash.
9.2.4. Tovarni yetkazib berish manzilida Sotuvchi bilan kelishilgan vaqtda bo‘lish.
9.2.5. Sotuvchi tomonidan yetkazib berilgan olingan Tovarni uning butunligi va yaroqliligi yuzasidan ko‘rikdan o‘tkazish, Tovar sifatsiz bo‘lganida e’tirozlar bildirish va tovarni almashtirishni talab qilish.
9.2.6. Aylanmadagi idishni shikastsiz, keyinchalik ishlatish uchun yaroqli holatda topshirish. Uni toza saqlash va boshqa hech qanday maqsadlarda foydalanmaslik.
9.2.7. «Toza Suv Plus» MChJ kompaniyasidan tekin foydalanishga kuler-apparatlarga ega mijozlar oyiga kamida sakkizta idishdan kam bo‘lmagan hajmda suvga buyurtma qilishlari lozim.
9.2.8. Agar Xaridor bir oydan ortiq suv olmasa, Sotuvchi vaqtincha foydalanishga taqdim etilgan kulerlarni olib qo‘yish huquqiga ega.
9.2.9. Xaridorga «Toza Suv Plus» MChJga tegishli kulerlarda boshqa suvdan foydalanish taqiqlanadi. Bu holda Sotuvchi shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilish huquqiga ega, Xaridor esa uskunani qabul qilish-topshirish dalolatnomasida ko‘rsatilgan jarimani to‘lagan holda, o‘ziga vaqtincha foydalanishga topshirilgan barcha kulerlar va aylanmadagi idishni qaytarishi shart.
10. TOMONLARNING JAVOBGARLIGI
10.1. Sotuvchi barcha xizmatlarni sifatli va o‘z vaqtida taqdim etish uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.
10.2. Xaridor tomonidan hisob-kitob shartlari va tartibi muntazam buzilgan, tovar yoki idish uchun to‘lov bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lgan taqdirda, Sotuvchi Xaridor tomonidan qarzdorlik to‘liq qoplanmaguncha Tovarni yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatishni to‘xtatib turish huquqiga ega.
10.3. Tomonlar mazkur shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
10.4. Moliyaviy majburiyatlar muddatini buzganlik uchun bunday buzilishga yo‘l qo‘ygan Tomon boshqa Tomonning yozma talabiga binoan har bir kalendar kechiktirilgan kun uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan summaning 0,4% miqdorida penya to‘laydi.
11. FORS-MAJOR
11.1. Agar majburiyatlarning bajarilmasligi tomonlarning irodasi va xohishidan tashqari yuzaga kelgan yengib bo‘lmas kuch holatlari: tabiiy ofatlar, harbiy harakatlar, avtotransport halokati, favqulodda holatlar va boshqalar oqibati bo‘lsa, Tomonlar mazkur shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlikdan ozod qilinadilar.
11.2. Yengib bo‘lmas kuch holatlari yuzaga kelganligi haqida Tomonlar bir-birlarini ko‘rsatilgan holatlar yuzaga kelgan sanadan boshlab 3 (uch) kalendar kun ichida har qanday aloqa usullari va vositalaridan foydalangan holda yozma ravishda xabardor qilishlari shart. Tomonlar bir-birlarini yengib bo‘lmas kuch holatlari haqida xabardor qilmaslik yoki o‘z vaqtida xabardor qilmaslik har bir Tomonni mazkur shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik uchun javobgarlikdan ozod qiluvchi asos sifatida yuqorida ko‘rsatilgan har qanday holatga tayanish huquqidan mahrum qiladi.
11.3. Bunday holatlar yuzaga kelganligi faktining tasdig‘i shu masalada vakolatli davlat organining hujjati bo‘ladi.
12. NIZOLARNI HAL QILISH TARTIBI
12.1. Mazkur Shartnoma bo‘yicha yoki u bilan bog‘liq holda tomonlar o‘rtasida yuzaga kelgan barcha nizo yoki kelishmovchiliklarni tomonlar muzokaralar yordamida hal qilishga intilishlari lozim.
12.2. Mazkur shartnomada nazarda tutilmagan boshqa barcha masalalarda Tomonlar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga amal qiladilar.
12.3. Da’vo xatlari Tomonlar tomonidan maxsus yordam orqali yoki topshirilganligi haqida xabardor qiluvchi buyurtma pochta jo‘natmasi orqali Tomonlarning joylashgan manzili bo‘yicha yuboriladi.
12.4. Tomonlar tomonidan da’vo xatlarini boshqa usullar: elektron pochta orqali yuborishga yo‘l qo‘yiladi.
12.5. Da’vo xatini ko‘rib chiqish muddati uni manzil egasi olgan kundan boshlab 5 (besh) ish kunini tashkil etadi.
12.6. Kelishmovchiliklarni muzokaralar yo‘li bilan hal qilish imkoni bo‘lmagan taqdirda, nizo O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi lozim.
13. SHARTNOMANING AMAL QILISH MUDDATI VA BEKOR QILISH SHARTLARI
13.1. Mazkur Shartnomaning amal qilish boshlanish muddati Tovar yoki xizmatlarni yetkazib berishga birinchi Buyurtma rasmiylashtirilgan sana hisoblanadi.
13.2. Shartnoma har bir keyingi buyurtma rasmiylashtirilganda uzaytiriladi.
13.3. Xaridor tomonidan ketma-ket 120 kundan ortiq buyurtmalar rasmiylashtirilmaganda, Sotuvchi oldida qarzdorlik mavjud bo‘lmagan hollarda, Shartnoma bekor qilingan hisoblanadi.
13.4. Agar Xaridor muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marta) shartnoma-oferta shartlarini buzsa, Sotuvchi Shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilish huquqiga ega.
14. BOSHQA SHARTLAR
14.1. Shartnomaga barcha Ilovalar va Qo‘shimchalar uning ajralmas qismi hisoblanadi.
15. SOTUVCHINING YURIDIK MANZILLARI VA BANK REKVIZITLARI
«TOZA SUV PLUS» MChJ
- Manzil: Buxoro viloyati, Kogon tumani, Geofizika MSG, Navbahor ko‘chasi, 109-uy
- Tel.: (+99865) 225-88-88; 220-88-88
- E-mail: tozasuv@inbox.ru · www.tozasuv.uz
- Bank: CHEKI "HAMKORBANK" ATB BUXORO MINTAQAVIY BXO
- H/R: 2020 8000 900 302 015 001
- MFO: 00083 · STIR (INN): 302 921 989
- OKONX: 18145 · OKED: 11070
- QQS kodi: 306010019366
Direktor: Mahmudov M.K.